Armonimdir jamalakli sochim piligi,
Chang ko‘chada qolib ketgan chala o‘yinlar.
Qulog‘imda qo‘shiq bo‘lib qoldi bir kulgi,
Allakimning suhbatidan ketdim to‘yinmay…
Eh, armondir o‘sha mag‘rur sharmu nazokat,
Uchrashmagan uchrashuvlar qoldi yo‘llarda.
Yuragimga singdi pinhon hislarim qat-qat,
Armonlarim ketdi o‘sha suqsur bo‘ylarda,
Uchrashmagan uchrashuvlar qoldi yo‘llarda…
* * *
Boshqalarga o‘xsholmadik, o‘xsholmadik-ey, esiz,
Mag‘rurlikda bizga qiyos bo‘ldi sovuq cho‘qqilar.
Boshim egib bormadim men, kelmadingiz va yo siz,
G’urur bizni ming tiriltib, ming bor yana yo‘q qilar.
Dardlarimiz buloq bo‘ldi, bag‘rimizda vulqonlar,
Tuyg‘ularga til bermadik na men o‘zim va na siz.
Bir-birovin izlab-bo‘zlab topishganlar — insonlar,
Bizlar tog‘miz, tog‘lar kabi zimdan nurab boryapmiz… |